O‘quvchilar

free counters

“Tabiat va BIZ” tele, video va radio roliklar tanlovi

spg.uzAgar Siz ijodkor shaxs bo’lsangiz va doim biror g’aroyib, ijodiy narsani yaratish istagida bo’lsangiz…

Turli fikrlar va g’oyalarni odamlarni o’ylatadigan tarzda obrazlar orqali bera olsangiz…

Videokamerangiz bo’lsa va lavhalarni tasvirga olishni hamda ulardan tayyor asar yaratishni yaxshi ko’rsangiz…

Asosiysi esa, tabiatni sevib, uning hozirgi ahvolidan tashvishlanayotgan bo’lsangiz… 

Unda ushbu tanlov siz uchun!

O’zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi (O’zEOAVMA) va Global Ekologiya Jamg’armasining O’zbekistondagi Kichik Grantlar Dasturi (GEJ KGD) Sizni “Tabiat va Biz” tanlovida ishtirok etishga taklif qiladi.

Tanlov nima uchun kerak?

Mazkur tanlov O’zbekiston aholisini atrof-muhit muammolariga jalb etish hamda odamlarga muammoning qanchalik dolzarb ekanini tushuntirishga urinish maqsadida e’lon qilinadi. Aksariyat hollarda “ekologiya” so’zi tilga olinganida odamlar negadir darhol chiqindilar yoki suv haqida o’ylashadi. Ammo muammoning mohiyati ancha keng, ancha chuqur va ancha jiddiyroq.  

O’zEOAVMA har yili ijtimoiy reklama festivalini o’tkazadi. Ushbu tashkilot GEJ KGD bilan hamkorlikda mamlakatimiz televideniyesi va radiosida faol yoritiladigan mavzular qatoriga “atrof-muhit” mavzusini ham qo’shishni rejalashtirgan. Buning uchun televideniye va radio orqali namoyish etishga arziydigan yorqin, tushunarli, odamni o’ylantiradigan, kreativ tele, video va radio lavhalar zarur.

Tanlov mavzusi

Odamlarning tabiatga munosabatini o’zgartirish, ularni tabiatning inson hayotida qanday o’ringa egaligi haqida o’ylantirishga majbur etish uchun tabiatdagi barcha jarayonlarning hayotimiz bilan o’zaro chambarchas bog’liqligini anglab yetish lozim. Tanlov aynan shu maqsadda amalga oshirilmoqda. Ammo, yuqorida qayd etilganiday, tanlov mavzusi chiqindi yoki suv muammosini yoritishga qaratilmagan. Bugungi kunda butun global hamjamiyatni xavotirga solayotgan bundan ham kengroq yo’nalishlar mavjud. Tanlovga taqdim etiladigan barcha ishlar Global Ekologiya Jamg’armasining O’zbekistondagi uchta yo’nalish bo’yicha faoliyatidan birini yoritishi lozim: 

Iqlim o’zgarishi – energiyadan oqilona foydalanmaslik, turli faoliyatimiz (qishloq xo’jaligi, transport, sanoat, hayot faoliyatining chiqindilari, o’rmonni kesish va h.k.) natijasida atmosferaga katta miqdorda issiqxona gazlari tashlanadi. Ular bir qarashda zararsiz ko’rinsa-da, aslini olganda sayyoradagi barcha iqlim jarayonlarini o’zgartiradi. Yerdagi barcha biologik majmualarning, siz va bizning hayotimiz ana shu jarayonlarga bog’liq. Sayyoradagi iqlim o’zgarishiga olib keluvchi jarayonlarni qanday to’xtatish mumkin? Buning uchun har birimiz nima qila olamiz? Jamiyat, ya’ni hammamiz birgalikda nima qilishimiz mumkin? Savollar ko’p. Sizning ishlaringiz esa mana shu mavzuni kengroq ochib berishi va shu savollarning hech bo’lmaganda bittasiga javob topishga ko’maklashishi lozim.  

Biologik xilma-xillikning yo’q qilinishi – sayyoramizdagi har bir tirik jonzot – har bir alohida tur, har bir hayvon, hashorat, o’simlik, mikroorganizm – ahamiyatga ega. Ularning barchasi o’z vazifasini bajaradi. Ushbu vazifalar tufayli biz shu havodan nafas olamiz; toza suv ichib chanqog’imizni qondiramiz; hayotimiz uchun yaroqli bo’lgan havo harorati saqlanib turadi; ular bizga oziq-ovqat va kiyim-kechak beradi; sog’lig’imiz uchun dori-darmon olamiz va h.k. Biz har bir biologik tur, har bir organizm faoliyat yuritishi bois tirikmiz. Biz esa ularni yo’q qilyapmiz. Biologik xilma-xillik qancha ko’p bo’lsa, normal hayot kechirishimiz uchun imkoniyatimiz ham shuncha oshadi. Xo’sh, biologic xilma-xillikni qanday saqlab qolish mumkin? Nima uchun saqlash kerak? Bu zarurmi? Barcha tirik jonzotlarni qutqarib olish uchun har birimiz nima qila olamiz?

Yerlar degradatsiyasi (yaroqsiz holatga kelishi) – yer bizni boqadi. Ammo u bitta. Tuproqning hosildor qatlami juda sekin hosil bo’ladi. Biz mavjud hosildor yerlarni yo’q qilishimizdan ancha sekinroq. Bu muammo emasmi? Bu muhim emasmi? Bu jarayonni to’xtatish uchun nima qilish mumkin va kerak? Bu kimga bo?liq? Balki boshqa savollar ham bordir.

Tanlovga taqdim etiladigan ishlardan biz mana shu mavzularning ochib berilishini kutyapmiz. Albatta, ushbu mavzularning hech birini to’liq ravishda bitta tele, video yoki radio rolikda yoritib bo’lmaydi. Ammo u yoki bu masalani ko’tarish mumkin. Odamlarni o’ylashga majbur etish mumkin. Boshlash mumkin…

Qanday nominatsiyalar mavjud?

1. Eng yaxshi ijtimoiy reklama tele roligi uchun

Ushbu nominatsiya davomiyligi 1 daqiqadan oshmaydigan reklama (ijtimoiy) roligi ko’rinishidagi yuqorida ko’rsatilgan uchta mavzuning biror bir jihatlarini ochib beruvchi ijodiy ishlarni o’z ichiga oladi. Bir daqiqa davomida odamlarni o’ylatishga majbur qiladigan yoki tabiat uchun biror foydali ish qilishga undaydigan tugal g’oya, fikr kreativ tarzda berilishi lozim. Misol sifatida Rossiya televideniyesi orqali namoyish etilayotgan Butunjahon tabiatni muhofaza qilish jamg’armasi (WWF)ning reklama roligi xizmat qilishi mumkin. Unda bir stakan kokteyl yoki bir dona kipriklar uchun tushning puliga iqlim o’zgarishiga qarshi kurash yoki daraxtlar himoyasi uchun qanday hissa qo’shish mumkinligi ko’rsatilgan. Ammo rolikda biror bir tashkilotni reklama qilish emas, balki tanlangan mavzularning biror bir jihati misolida tabiatni asrab-avaylash targ’ibot qilinadi.

Bayon etilish shakli – erkin. Bu flesh-mul’t, kamera bilan olingan lavhalar va h.k.lar bo’lishi mumkin.

2. Eng yaxshi ijtimoiy video rolik uchun

Ushbu nominatsiya davomiyligi 5 daqiqadan oshmaydigan kichik video lavha ko’rinishidagi yuqorida ko’rsatilgan uchta mavzuning biror bir jihatlarini ochib beruvchi ishlarni o’z ichiga oladi. Lavhada berilgan mavzularga mos keluvchi biror bir muammo tushunarli tarzda ochib berilishi kerak. Bunda ham oldingi nominatsiyadagi kabi kreativ yondashuv zarur, ammo tanlov maqsadi va mavzusi haqida unutmang.

3. Eng yaxshi ijtimoiy reklama radio roligi uchun

Ushbu nominatsiya yuqorida qayd etilgan mavzular doirasidagi muammolardan birini ochib beruvchi reklama radio roliklari yoki eshittirishlarini o’z ichiga oladi. Oldingi nominatsiyalardagi kabi bu yerda ham kishilarning e’tiborini ko’rsatilgan mavzularga taalluqli muammolarga jalb etish muhim. Roliklar va eshittirishlar haqiqatan ham ijodiy va  damlarni o’ylashga majbur etadigan tarzda bajarilishi lozim. 

Tanlovda kimlar qatnashishlari mumkin?

Bunday roliklarni tayyorlay oladigan barcha kishilar yoki ijodiy guruh tanlovda ishtirok etishi mumkin. Bolalarning ishlari ham munosib baholanadi. Agar tanlov ishi ijodiy guruh tomonidan amalga oshiriladigan bo’lsa, bu arizada aniq ko’rsatilishi kerak. Agar tanlov ishi sovrinli o’rinni egallasa, sovrin butun ijodiy jamoa uchun bir kishiga beriladi. 

Qachon?

Tanlov ushbu e’lon chiqqan kundan e’tiboran boshlangan hisoblanadi va 2010-yilning 22-mayida – Butunjahon biologik xilma-xillikni saqlash kunida yakunlanadi. Tanlov ishlarini qabul qilishning oxirgi muddati 22-may soat 18:00gacha.

Tanlov yakunlari 2010-yilning 5-iyunida – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunida e’lon qilinadi. E’lon qilinish joyi va sanasi qo’shimcha ravishda www.spg.uz saytida nashr etiladi.

Tanlov shartlari

Barcha ishlar CD yoki DVD-disklarga yozilib jo’natilishi kerak. Tasvir va ovoz sifati keyinchalik televideniye yoki radioda namoyish eta olinadigan darajada yaxshi bo’lishi lozim. Tanlov ishlari o’zbek yoki rus tillarida bajarilishi mumkin. Ijodiy ishlar tanlovda ishtirok etish uchun to’ldirilgan ariza shakli bilan birga quyidagi manzilga jo’natilishi kerak:

Toshkent shahri, 100029, Taras Shevchenko ko’chasi, 4, GEJ KGD, konvertga “GEJ KGD tanlovida ishtirok etish uchun” degan yozuv bo’lishi lozim. 

Tanlovda ishtirok etish uchun beriladigan ariza shaklini www.spg.uz sayti orqali yuklab olishingiz yoki +99871 120-34-50 (ichki 145 yoki 211) raqamiga qo’ng’iroq qilib, sizga ariza shaklini jo’natishlarini so’rashingiz mumkin.

DIQQAT!!!

Tanlovga taqdim etiladigan ishlar biror bir siyosiy, diniy yoki hukumatga qarshi fikr-mulohazalarni o’z ichiga olmasligi zarur. Agar ishda boshqa mualliflarning materiallari qo’llanilgan bo’lsa, shu materiallardan foydalanganlik ko’rsatilishi kerak. Ariza beruvchi tanlovga taqdim etiladigan o’z ishida boshqa shaxslarning materiallari qo’llanilishi bo’yicha mualliflik huquqlariga amal qilish yuzasidan barcha majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi. GEJ KGD, BMTTD yoki BMT tizimidagi boshqa tashkilot tanlovga taqdim etilgan ishlarda qo’llanilgan materiallarning mualliflik huquqlaridan foydalanilishi bo’yicha hech qanday majburiyatni o’z zimmasiga olmaydi.   

Tanlovda qanday ishtirok etish mumkin?

1-qadam: biologik xilma-xillik, iqlim o’zgarishi va yerlar degradatsiyasi tushunchalari bilan batafsil tanishib chiqing. Mavzuni o’rganing. Buning uchun www.spg.uz saytidagi mavzularga tegishli sahifalarga kirishingiz mumkin.

2-qadam: uchta mavzudan o’zingizga yoqqan bittasini tanlang va shu mavzu doirasida aynan nimani gapirib bermoqchi ekaningiz haqida yaxshilab o’ylab oling.

3-qadam: tele, video va radio rolikni tayyorlang.

4-qadam: tanlovda ishtirok etish uchun arizani to’ldiring va uni ijodiy ishingiz bilan birga yuqorida ko’rsatilgan manzilga jo’nating.

5-qadam: sabr-toqatli bilan tanlov natijalarini kuting.

Keyin nima bo’ladi?

GEJ KGD vakillari, tabiat muhofazasi sohasining mutaxassislari, jamoatchilik va O’zEOAVMA vakillaridan iborat nufuzli hay’at a’zolari ishingizni baholaydi va g’oliblarni aniqlaydi. Eng yaxshi ijodiy ishlar O’zEOAVMA tarkibiga kiruvchi teleradiokompaniyalar tomonidan ijtimoiy reklama sifatida namoyish etiladi. Balki aynan sizning ishingizni ko’pchilik tomosha qilar va eshitar. Boshqacha qilib aytganda, roliklaringiz faqat bir martalik va bir kunlik bo’lmaydi.  

Qanday sovrinlar kutyapti?

G’oliblarni quyidagi mukofotlar kutmoqda:

Eng yaxshi video roliklar uchun:

  • 1-o’rin – videokamera
  • 2-o’rin – lep top
  • 3-o’rin – montaj komp’yuteri

Eng yaxshi tele roliklar uchun:

  • 1-o’rin – lep top
  • 2-o’rin – montaj komp’yuteri
  • 3-o’rin – televizor

Eng yaxshi radio roliklar uchun:

  • 1-o’rin – televizor
  • 2-o’irn – DVD-pleer
  • 3-o’rin – go’zal Nurota tog’lariga 3 kunga to’liq to’langan 2 kishi uchun ekologik sayohat 

Esingizda bo’lsin: siz shunchaki ishqiboz yoki professional bo’lishingiz mumkin, ammo asosiysi shunday rolikni yaratish kerakki, u har bir kishini atrof-muhitning dolzarb muammolari va bizning tabiatga munosabatimiz to’g’risida o’ylantirishga majbur etsin.

Hozir emas, balki biroz vaqt o’tib, bizning g’aroyib sayyoramiz sizga o’zining TAShAKKURINI aytar! 

Batafsil ma’lumot uchun: www.spg.uz

Material ushbu tanlov tashkilotchilari tomonidan e’lon qilish uchun taqdim qilingan.

 

Comments are closed.