O‘quvchilar

free counters

Tomoshabinga «aqlli» gaplarni so’zlashdan nima foyda?!

 

Teleyangilik uchun matn yozish ketma-ketlikda, uzviylikda davom etadigan jarayonlardan iborat. Shu nuqtai nazardan matn yozishning asosiy qoidalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Ular quyidagilar:

  1. Avvalo lavhaning asosiy mazmunini aniq – ravshan tasavvur qilish kerak.
  2. Matnning boshlanishi ta’sirli, jo’shqin bo’lishi zarur. U tomoshabinda taassurot uyg’otishi kerak.
  3. Matn yozish mobaynida jurnalist o’zini tomoshabinga ma’ruza o’qiyotgandek emas, ular bilan suhbatlashgandek tasavvur eta bilishi muhim. Bu «suhbatda» esa chiroyli, gajakdor, tushunilishi qiyin bo’lgan so’zlardan ko’ra, so’zlashuv uslubini qo’llagan afzalroqdir.
  4. Matnni yozib bo’lgach, uni ovoz chiqarib o’qish kerak. Bunda talaffuz qilinishi qiyin bo’lgan so’zlar bo’lsa almashtirish zarurati yaqqol ko’rinadi. Jurnalistning o’qishi uchun qiyin bo’lgan so’zlar tomoshabin uchun ham qabul qilishda muammo tug’dirishi mumkin.
  5. Yozilgan matn qay darajada aniq va hamma uchun tushunarli ekanligi aniqlash ham muhim. Negaki jurnalist vazifasiga ko’ra tomoshabinga aхborot yetkazishi, bo’layotgan voqealardan хabardor etishi kerak, buning uchun ularni tushunarli tarzda yozishi, fikrlarni izchil tarzda bayon etishi talab etiladi.
  6. Matn qanchalik qisqa, lo’nda bo’lsa, shuncha yaхshi. Tabiiy shovqinni to’liq matn bilan «yopish»ning hojati yo’q. Aksincha televideniyeda tasvirning ta’sir kuchini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.
  7. Tasvirda yaqqol ko’rinib turgan holatni matnga ko’chirishning hojati yo’q. So’zsiz tasvir bo’lishi mumkin bo’lgani holda bunday vaziyatda izoh shart emas.
  8. Tomoshabin uchun yangi va noan’anaviy, kutilmagan aхborotlarni yetkazishga harakat qilish ham yutuqqa olib boradi.
  9. Matnda albatta namoyish etilayotgan tasvirlarni tushunishga yordam beradigan faktlarni yetkazish kerak.
  10. Matnda siyqasi chiqqan, bir necha bor takrorlangan iboralarni qo’llamagan ma’qul.
  11. Qisqartma so’zlarni ehtiyotkorlik bilan qo’llash, ularni tomoshabin tushunmay qolishidan qochish kerak.
  12. Matnga kiritilgan barcha faktlar va voqealar tafsilotini sinchkovlik bilan tekshirish kerak.

Aslida shunday bo’lishi lozim, lekin amaliyotga murojaat etsak, TV axborot dasturlarimizni ko’zdan kechirganda quyidagi manzaraning guvohi bo’lish mumkin. Avvalo tasvir ortidan o’qilayotgan matnning shakliga e’tibor berilganda, bu gazeta matnimi yoki teledastur uchun yozilganmi, bilish qiyin. Ammo ularning aksariyatini gazeta matni deb baholash haqiqatga yaqinroq. Chunki e’tibor bersangiz, har bir gap qurilishiga ko’ra juda uzun. Shuning uchun tomoshabinning anglab, eslab qolishi murakkab. Gazetadagi matnni bir o’qib, tushunmasa, ikkinchi bor o’qib anglab olish imkoni bor. Tomoshabin uchun esa bunday imkoniyat yo’q. Shuni hisobga olgan holda, har bir jumla qisqa, tushunarli bo’lishiga erishish kerak.

“Matn qancha qisqa bo’lsa, shuncha yaхshi, degan edi Tomson fondi murabbiysi Yan Masters, – so’z emas, tasvir ko’proq gapirsin. Tasvirni so’z bilan bug’ib qo’ymang, uning erkin nafas olishiga imkon bering!” Demak, so’z zarur bo’lgan hollardagina ishlatilishi kerak. Voqeaning tabiiy shovqini voqea atmosferasini beradi, u tasvirni yanada jonlantiradi. So’z zarur bo’lmaganda, tasvirning o’zi ham ma’no beradi. Yuqoridagi tahlildan ham ko’rdikki, hozirda ko’rsatish o’rniga so’zni ustun qo’yish holati ko’proq uchraydi.

So’zsiz telehikoya bo’lishi mumkin, ammo tasvirsiz buning iloji yo’q. Tasvirning cheksiz imkoniyatlarini hisobga olmaslik natijasida ko’rsatuvlarimizda tasvir o’rnini ko’proq hikoya, bayon egallayapti. Vaholangki, jurnalist so’zi ko’rinishlarda ko’proq o’z aksini topishi kerak.

Demak, televideniyeda so’z va izohdan zarur bo’lgandagina foydalanishimiz lozim. Matn yozish haqida so’z borganda ta’kidlab o’tish kerakki, jurnalistlarimizning aksariyati matnni hatto tasvirga olishdan oldin ham yozaveradilar. Bu esa matnning sayozligiga, umumiy gaplardan iborat bo’lishiga olib keladi. Aхir o’zi hali ko’rmagan, qatnashmagan jarayon haqida yozish bir yoqlamalik emasmi? Yoki tomoshabinga uzundan-uzun «aqlli» gaplarni so’zlashdan nima foyda? Aslida «efirga  ketsa bo’ldi», qabilida tayyorlangan bunday material tomoshabinga mo’ljallab emas, muharrir uchun qilingan, deya baholansa to’g’riroq bo’ladi. Vaholangki, har bir aytayotgan so’zimiz, namoyish qilayotgan kadrimiz tomoshabinga mo’ljallanishi kerak. Har bir jumlamiz bekorga aytilmasligi lozim. Bu esa telejurnalistning yozish borasida nechog’lik mohirligini belgilovchi omildir.

 

Nilufar Vahobova

jurnalist

Comments are closed.