O‘quvchilar

free counters

“UZ” domenida til va PR masalasi

Ushbu maqola ilk marotaba 2008-yilda yozilgan bo’lsa-da, ko’p jihatdan haligacha dolzarbligini yo’qotmagan. Shuning uchun O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 24 yilligi nishonlanayotgan kunda maqolani ayrim o’zgartirishlar bilan e’tiboringizga havola etishni joiz deb bildim. Maqola e’lon qilingach, unda keltirilgan ba’zi takliflar bugungi kunda hayotga tadbiq etilganligini ko’rib, faqat xursand bo’lish mumkin. 

til-pr

 

Har bir soha vujudga keladigan muammo, kamchilik va xatolarni bartaraf etish tufayligina rivojlanadi. Shu jumladan, kun sayin hayotimiz, ish faoliyatimizda muhim o’rin tutayotgan, turmush-tarzimizga aylanib borayotgan Internet sohasida ham muammoli masalalar bo’lmaganda edi, u bunchalik taraqqiy etmagan bo’lardi. Chunki bir qilingan xato qaytarilmaydi va uni tuzatish rivojlanish uchun yana bitta qadam bo’ladi. Shuning uchun maqolada UZ segmentidagi ko’rinmas muammoli nuqtalarga e’tibor qaratiladi, ayrim domen nomlari bilan bog’liq masalalar tanqidiy jihatdan tahlil qilinadi. Zero, tanqid kelajak mevasidir. Biroq tanqid va tahlil veb-sayt mazmuni va tarkibiy qismiga nisbatan emas, balki ana shu mazmunni domen nomi qanchalik ifoda qila olayotganligi, umuman, UZ domeni nomlari qanchalik to’g’ri tanlanayotganligi va ayrim domen nomlaridagi xatoliklar haqida bo’ladi.

Quyida asosan umum va davlat ahamiyatiga molik va muallif nazarida, qayta nomlanishi uchun yetarlicha sabablar mavjud bo’lgan domen nomlari tahlil qilinadi. Ta’kidlash kerakki, qayta nomlash uchun taklif qilinadigan domen nomlari muallif tomonidan bir lahzada o’ylab topildi. Agar qayta nomlashga ko’proq vaqt sarflansa, aynan o’zbek tilida bundan ham afzalroq domen nomlarini kashf qilishingiz mumkin.

Fikrimizni aniqroq ifodalash uchun jadvallardan foydalanamiz. Demak, boshladik!

1-jadval Inglizchalashtirish yoki o’zbekchalashtirish?

Domen egasi

Mavjud domen nomi

Taklif qilinadigan domen nomi

 

Izoh

1 O’zbekiston Respublikasining hukumat portali gov.uz davlat.uz

yoki qisqa shakli:

dav.uz

Rossiya yoki Qozog’iston hukumati veb-saytlarida inglizcha «government» so’zidan olingan qisqartma so’z ishlatilganligi uchun biz ham aynan shu so’zdan foydalanishimiz kerakmi?! Aksincha o’zbek tilida «davlat» so’zi qisqaligi, soddaligi, aytilishi va yozilishi esda qolarli ekanligi va nihoyat aholi uchun tushunarli ekanligi jihatidan «government»dan ko’ra afzalroq emasmi?!
2 O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi parliament.gov.uz oliymajlis.uz

 

parlament.uz

«Oliy Majlis» boshqa tillarga tarjima  qilinmaydi, shu sababli uni shu holicha domen nomi sifatida qabul qilish mumkin.

«Parlament» so’zi internatsional so’z, shuning uchun inglizcha «parliament» emas, o’zbek tilida «parlament»  deb yozilsa, to’g’ri bo’lardi. Domen nomini yozishda ham chalkashliklarga olib kelmasdi.

3 O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi elections.uz saylov.uz

 

yoki qisqa shakli:

msk.uz

Davlat tilida, tushunarli va esda qolarli.

(msk – Markaziy saylov komissiyasi)

4 O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi customs.uz bojxona.uz Saytdan foydalanuvchilar va keng jamoatchilikka inglizcha «customs»dan ko’ra, „bojxona» so’zi tushunarliroq bo’lardi.
5 Farg’ona viloyati hokimligi ferghana.uz farg-ona.uz Lekin berilgan taklifga ko’ra, lotincha g‘ harfining yozilishi bilan muammo kelib chiqadi. Bu muammoning yechimiga quyida (tutuq belgisi, o’, g’) bo’limida batafsil  to’xtalamiz.

2-jadval – Turli tillar «qorishmasidan» yasalgan domen nomlari

Domen egasi

Mavjud domen nomi

Taklif qilinadigan domen nomi

Izoh

1 O’zbekiston Respublikasi farmasevtika sanoati davlat aksiyadorlik konserni uzpharmsanoat.uz uzfarmsanoat.uz

 

yoki qisqa shakllari:

uzfs.uz

ufs.uz

www.uzpharmsanoat.uz inglizcha «pharmaceutical» so’zining qisqartirilgan shakli va o’zbekcha so’zlar qo’shilmasi (o’zb.+ingl.+o’zb.)dan hosil bo’lgan. Domenning bunday nomlanishi foydalanuvchilarni chalg’itadi xolos.
2 O’zbekiston Respublikasi temir yo’llarida yuk va yo’lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi rwnadzor.uz tynazorat.uz

 

yoki qisqa shakli:

tyn.uz

rwnadzor.uz inglizcha «railway»dan «rw» qisqartmasi va ruscha «nadzor» so’zlari asosida yasalgan.

3-jadval – Ingliz tili orfografiyasini buzgan holda „inglizchalashtirish“

Domen egasi

Mavjud domen nomi

Taklif qilinadigan domen nomi

Izoh

O’zarxiv Agentligi archiv.uz arxiv.uz Ko’rinib turibdiki, domen inglizcha nomlangan, lekin xatolikka yo’l qo’yilgan. Aslida «arxiv» so’zining ingliz tilidagi tarjimasi «archive» deb yoziladi va taxminan quyidagicha talaffuz qilinadi: „akaiv». (Har holda domen egasi uni nemis tilida nomlamagandir, chunki nemis tilida haqiqatdan ham, „Archiv» deb yoziladi.) O’zbek tilida esa, ko’rib turganingizdek, domen nomini juda chiroyli nomga almashtirish mumkin.

Yuqoridagi jadvallarda asosan davlat tizimidagi ayrim tashkilotlar veb-saytlari tahlil qilindi. Fikrimizcha, davlat organlari domen nomlari nafaqat til, PR nuqtai nazaridan, balki davlat organlarining bir-biriga o’zaro bog’liqligi jihatidan ma’lum bir tartibga solinishi, qaytadan nomlanishi maqsadga muvofiqdir. Faraz qilaylik, O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati portali www.davlat.uz yoki www.dav.uz bo’lsa, aytaylik, Samarqand viloyati hokimiyati www.samarqand.davlat.uz yoki www.samarqand.dav.uz, Buxoro viloyati hokimiyati www.buxoro.davlat.uz yoki www.buxoro.dav.uz kabi uchinchi darajali domen nomini ro’yxatdan o’tkazishi mumkin. Davlat boshqaruviga tegishli mavjud domen nomlarining yuqoridagi asosda strukturaviy jihatdan qaytadan ko’rib chiqilishi har jihatdan to’g’ri bo’lardi.

4-jadval – Imlo xatolari yoki davlat tilini hurmat qilmaslik

Domen egasi Mavjud domen nomi Taklif qilinadigan domen nomi Izoh
1 «Uzkommunxizmat» agentligi uzkommunhizmat.uz

 

 

uzkommunxizmat.uz

uzkomxizmat.uz

 

 

H va x harflarini ajrata olmaslik ayrimlar uchun doimiy muammo. Lekin domen nomini tanlash va ro’yxatdan o’tkazishdan oldin «yetti o’lchab, bir kesish kerak» bo’ladi. Domen egalari «xizmat» so’zining to’g’ri yozilishini bilishmasa, hech bo’lmasa, imlo lug’atidan foydalanishsa bo’lardi.
2 Kompyuter lingvistikasi va leksikografiyaga bag’ishlangan ZiyoNet informasion ta’limiy portali tarkibidagi resurs linguistika.zn.uz lingvistika.zn.uz Mavjud uchinchi darajali domen inglizcha nomlangan, lekin imlo xatosiga yo’l qo’yilgan. Ingliz tilida «linguistic» to’g’ri bo’ladi. Bunday xato domen nomining yoshlarga ziyo ulashuvchi “ZiyoNet” tarkibida ekanligini portal xodimlarining e’tiborsizligi ham deyish mumkin.
3 «Termiz oqshomi» ijtimoiy-siyosiy gazetasi termezokshomi.uz termizoqshomi.uz

termiz-oqshomi.uz

Ushbu veb-saytlar respublikamizda mavjud matbuot nashrlarining onlayn variantidir.

Domen nomining bunchalik imlo xatolariga «boy»ligi domen egasining davlat tilini va jamoatchilikni hurmat qilmasligi yoki e’tiborsizligidan bo’lishi mumkin. Lekin ushbu domen nomlarining OAVga tegishli ekanligi o’zbek tili uchun achinarli holatdir. Nashr mutasaddilari va ushbu saytlarning yaratilishida ko’maklashgan O’zbekiston mustaqil bosma OAVni va axborot agentliklarini    qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bu masalaga e’tibor berishadi, degan umiddaman.

4 «Jizzax ovozi» ijtimoiy-siyosiy gazetasi jizzahovozi.uz jizzaxovozi.uz

jizzax-ovozi.uz

5 «Qalb sadosi» adabiy-badiiy, ijtimoiy-ma’naviy ommabop gazetasi kalbsadosi.uz qalbsadosi.uz

qalb-sadosi.uz

6 «Sariosiyo» ijtimoiy-siyosiy gazetasi sariosie.uz sariosiyo.uz

 

8 O’zbekiston mustaqil bosma OAVni va axborot agentliklarini
qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi
vabkenthaeti.uz vobkent-hayoti.uz
9 «Buxoro oqshomi» gazetasi buhorookshomi.uz buxorooqshomi.uz

buxoro-oqshomi.uz

10 Jizzax viloyati prokuraturasi «Adolat yolqini» nashri adolatelkini.uz adolatyolqini.uz

adolat-yolqini.uz

5-jadval – Murakkab va yodda saqlash qiyin bo‘lgan domen nomlari

Domen egasi Mavjud domen nomi Taklif qilinadigan domen nomi
1 Samarqand viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti svpqtmoi.uz sampedin.uz

samped.uz

2 Angor maishiy xizmat kasb-hunar kolleji www.angor-mx.khk.uz angor-kolleji.uz
3 Elektr va energetikani nazorat qilish davlat inspeksiyasi gienergonadzor.uz elektr-nazorat.uz

eenazorat.uz

ee-naz.uz yoki bitta “e” bilan

enazorat.uz

e-naz.uz

enaz.uz

4 IIV akademiyasi akadmvd.fan.uz uchinchi darajali

akademiya.mvd.uz

yoki

iivakademiyasi.uz

akademiya-iiv.uz

akademiya-mvd.uz

Tutuq belgisi (‘), o‘ va g‘ harflari – bu masalani qanday yechish mumkin?

 

Ushbu masala UZ segmentidagi domen nomlarini lotin yozuviga asoslangan ozbek tilida to’g’ri va tushunarli ifodalashda qiyinchilik tug’diradi. Bir qarashda bu masalani hal qilish juda murakkab ko’rinadi, lekin astoydil harakat qilinsa, muammoning yechimi albatta topiladi.

Tutuq belgisi (‘)ni domen nomida ifodalab bo’lmas ekan, uni tushirib qoldirish ham imlo jihatidan to’g’ri bo’lmaydi. o‘ va g‘ harflarini o yoki g tarzida ifodalash esa ham uslubiy, ham imlo xatolarini keltirib chiqaradi. Xo’sh, bu vaziyatdan qanday chiqish kerak? Bu masalaning yechimlaridan biri deb, quyidagi taklifni ilgari surmoqchiman. (‘), o‘ va g‘ o’rniga chiziqcha (-) belgisini ishlatish mumkin. Buni hozirda mavjud domen nomlari misolida ham tahlil qilishimiz mumkin.

Mavjud domen nomi Taklif qilinadigan domen nomi
1 marifat.uz ma-rifat.uz
2 sheriyat.uz she-riyat.uz
3 lugat.uz lug-at.uz

Go’yoki (‘), o‘ va g‘ harflaridagi (‘) belgisi harflarning yuqori qismida emas, tire (-) sifatida harflarning yon tomonida ifodalangandek tasavvur beradi.

Albatta, bu taklif masalaning so’nggi yechimi bo’lmasligi mumkin. Bu muammoni samarali hal qilish uchun malakali tilshunoslar, kompyuter lingvistlari va boshqa tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish kerak bo’ladi. Shuni aytish mumkinki, zamonaviy tilshunoslarimiz uchun zamonaviy mavzularda  ilmiy ishlar qilish vaqti keldi!

Domen nomi qanday bo’lishi kerak?

Veb-saytning rivojlanishi va mashhur bo’lishi uni ifoda qiladigan domen nomiga juda ham bog’liq. Boshqacha aytganda, veb-saytni yaratish unga munosib nom topish bilan boshlanadi. Lekin bu osongina ish emas, ba’zan «endi eng yaxshi nom topdim», deganingizda, uni allaqachon kimdir ro’yxatdan o’tkazganini bilib, xunobingiz oshishi mumkin.  Shuning uchun bu borada ko’proq bosh qotirishga, izlanishga hamda tezkor bo’lishga to’g’ri keladi. Quyida domenni qanday nomlash bilan bog’liq ayrim tavsiyalar bilan o’rtoqlashmoqchiman.

  1. Domen nomi iloji boricha qisqa, lo’nda, sodda va aniq bo’lishi kerak.
  2. Domen nomi esda qolarli bo’lishi kerak. Domen nomini rasmiy xatlar, reklama bannerlari, ruchka, qalam, idishlar va turli PR mahsulotlarida ifodalanganda osonlikcha yodda qolishi muhimligini hisobga olish zarur.
  3. Domen nomi tashkilotga tegishli bo’lsa, uning funksiyasini, biror shaxsga qarashli bo’lsa, u haqdagi ma’lumotni, biror internet loyihasiga mansub bo’lsa, uning mazmunini to’liqroq ifodalay oladigan bo’lishi lozim.
  4. Domen nomi osonlikcha talaffuz qilinadigan va osonlikcha eshitiladigan darajada oson bo’lishi kerak.
  5. Domen nomi original bo’lishi kerak.
  6. Domen nomi imlo va uslubiy jihatdan to’ppa-to’g’ri bo’lishi zarur.

Binafsha Qalandarova

Jurnalist, Ozod Berlin Universiteti doktoranti 

1 comment to “UZ” domenida til va PR masalasi