O‘quvchilar

free counters

O‘zga dindagilar bilan ro‘zadorlik

OstertalbahnOllohga shukrki, har yilgidek Ramazon oyini xushnud kutib olib, oilaviy ro‘za tutayapmiz. Germaniyada ham havolar isib qolgan, shunga oftob tig‘ida kamroq yurishga harakat qilamiz. O‘tgan yakshanba kuni ham ancha issiq edi. Bu kunda biz hurmat qiladigan nemis o‘rtoqlarimiz – yoshlari 80ga yaqinlashgan keksa juftlik bizni qadimiy lokomotiv poyezdida bir kunlik sayohatga taklif qilishgandi. Faqat yozning ma’lum bir kunlarigina tashkil qilinadigan bu sayohatga bir oy oldin rozilik bergandik. Ko‘ngli nozik, keksa do‘stlarimizni xafa qilib qo‘ymaslik uchun sayohat taklifi aynan ro‘za kunlariga to‘g‘ri kelsa-da, uni qabul qilgandik.

Shu o‘rinda bu keksa nemis do‘stlarimiz haqida biroz to‘xtalsam. Hartmut va uning ayoli Friederike o‘z ona tillaridan tashqari lotin, fransuz, ingliz, turk, portugal, esperanto, xitoy, yapon tillari doxil 10dan ortiq tillarni bilishadi. Haligacha universitetda turli xil tillarni o‘rganishadi, keksalar uchun tashkil qilingan maxsus ta’lim yo‘nalishidagi lektsiyalarga qatnashishadi. Men ham ular bilan turk tili kursida tanishib, keyinchalik do‘stlashib qolganman. Ancha yillar ikkalasi hamkasb bo‘lib, gimnaziyada o‘qituvchilik qilishgan. Hozirda nafaqa gashtini surib, bir yilda 3-4tacha davlatga sayohat qilishadi, O‘zbekistonda ham bo‘lishgan. Germaniyaga mehmon bo‘lib kelib ketgan oyijonimning nazdlarida, ularning uyi go‘yoki bir muzey. Har xil davlatlardan keltirilgan madaniy va tarixiy adabiyotlar, suratlar, haykalchalaru asori atiqalar…

Hartmut va Friederike Hayotlarining mazmuni – tinmay ilm o‘rganish, odamlarga qo‘llaridan kelgunicha yaxshilik qilish. Ta’lim, ekologiya bilan bog‘liq bir qancha xayriya ishlarida faol qatnashishadi. Afrikada 2 nafar qizni maktabda o‘qishi, undan keyingi ta’limini ta’minlash uchun otaliqqa olishgan. “Qizlari” bilan yozishib turishadi, lekin hali ko‘rishishmagan. Ular o‘g‘limni “nabiram” deb chaqirishadi. Yana xitoylik Shuya degan “nabirasi” ham bor. Tez-tez shu “nabiralari” bilan vaqt o‘tkazishadi, muzey, parklarlarga borishadi. Ular bilan bolalarcha zavqlanib o‘ynashsa-da, ilmiy-tarixiy mavzularda jiddiy suhbatlar qurishadi. Ikkinchi jahon urushi davrida kichkina bolakay sifatida boshidan kechirganlarini aytib berishadi. Ular tarixini unutayozgan ba’zi nemislarga umuman o‘xshashmaydi. Isrof qilmaslik, boriga shukr qilish fazilatlariga ega. Uyiga mehmonga borganimizda ham nafaqat dasturxon va unga qo‘yiladigan ne’matlar haqida qayg‘urishadi, balki qiziqarli kitoblar, tarixiy manbalar, ko‘rsatish uchun turli xil qiziqarli narsalarni saralab, butun bir tadbir dasturini tayyorlab qo‘yishadi. Yana Hartmutning mashinani „uchirib“ haydashidan hech kim uni 80ni qarshilayotgan haydovchi boshqarayapti deb o‘ylamaydi. Friederike ham o‘z mashinasida uyidan ancha uzoqda bo‘lgan universitetga ilm o‘rganishga borib keladi. Nafaqada bo‘lsa-da, tinib-tinchimagan bu juftlik shunaqa band bo‘lishadiki, ular bilan ko‘rishish uchun kamida bir oy oldin uchrashuv vaqtini kelishish kerak bo‘ladi.

Xullas, har kungidek, soat 3da saharlik qilib bo‘lib, bir oz mizg‘ib oldik-da, ertalabdan do‘stlarimiz turadigan shaharchaga poyezdda otlandik. Chunki lokomotivdagi sayohatimiz shu shaharchadan boshlanishi kerak edi. Vokzalda bizni Hartmut kutib olib, hali lokomotiv yurishiga vaqt borligi uchun biroz uylarida dam olib turishimizni aytib, bizni mashinasida uyiga olib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatda o‘g‘limning grammofon – musiqa plastinkasi nimaligini bilmasligi va unga bu MP3ning “bobosi” deb tushuntirganimizni kulishib so‘zlab berdik. Yetib kelgach, Hartmut unda haliyam shunaqa plastinkalar borligini aytib, o‘g‘limga ko‘rsatish uchun uni kutubxonasiga boshladi. Uy bekasi Friederike bizni quchoq ochib kutib olib, kunimiz rejasi bilan tanishtirdi. Lokomotivning ma’lum stansiyalaridan tushib qolib, u yerdagi diqqatga sazovor joylarni, qiziqarli yodgorliklarni ko‘radigan bo‘ldik. Friederike kartani olib, bizga poyezdimiz qanday harakatlanishini ko‘rsatdi va qo‘limizga yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarni berdi. Shu payt xitoylik oila ham yetib keldi. Shuya va uning ota-onasi ham bizga hamroh bo‘lishlari kerak edi.

Hammamiz birgalashib, yana vokzalga jo‘nadik. Lokomotiv bizni kutib turardi. Oldindan biz uchun joylar band qilib qo‘yilgan ekan, o‘g‘limni esa lokomotiv boshqaruvchisi o‘zi bilan olib ketdi. U bu “syurpriz”dan juda suyunib ketdi. Chunki poyezdni birgalikda boshqarishi mumkin edi-da. Zamonaviy tez yurar poyezdlarda yurib o‘rganganimiz uchun odatda muzeylarda turadigan bu lokomotiv vagonlaridagi uskunalar, umuman, bu yerdagi muhit menga boshqacha tuyulardi. Poyezdda stol atrofida birgalashib o‘tirib ketar ekanmiz, kinolarda ko‘rganim, eski davrlardagi “janob va xonimlar” ko‘z oldimga kelib ketdi.

Ostertalbahn

Bir stansiyada tushib qolib, so‘lim qishloqchada joylashgan yodgorlikni ko‘rgani ketdik. Bu quyosh Xudosi – Mitra tasvirlangan, toshga o‘yib yasalgan haykal edi. Yodgorlik shundoq o‘rmon yoqasida, ochiq tabiatda, lekin himoya to‘siqlari qo‘yilgan holda saqlanar ekan. Shu dam ro‘zadorligim esimga tushib, ichimda g‘alati bir g‘alayonga o‘xshash his paydo bo‘ldi. Axir shunday muborak Ramazon oyida musulmon, xristian va buddist do‘stlar yig‘ilishib, zardushtiylikka tegishli Quyosh Xudosi uchun qo‘yilgan haykalni tomosha qilayotgan edik-da! Friederikening yodgorlik tarixi haqida aytayotgan hikoyasi negadir qulog‘imga kirmasdi…

Mitra

Keyingi poyezdga ulgurishimiz kerakligini aytishganida o‘zimga keldim. Vaqt juda kam qolgan bo‘lib, qisqa fursat ichida 2 km yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak edi. Biz yoshlarga farqi yo‘q, tez-tez yurishga o‘rganganmiz. Lekin Hartmut va Friederikega ancha qiyin bo‘ldi. Bolalar oldinlab, poyezdni to‘xtatib turishdi. Lokomotiv boshqaruvchisi ham hurmat yuzasidan qariyalarni kutib turdi. Vagonimizga joylashib olgach, bolalar och qolganini aytishdi. Friederike o‘ziga kelib, ular restoran menyusidan istagan ichimlik va yegulik tanlashlarini aytdi. Ikkalasi ham xursand edi. Chanqoqlarini qondirib, qorinlarini to‘yga’zib olishdi.

Ostertalbahn

Ro‘zador emasmizmi, issiqda qolib, yugurib, biroz holdan toygandik. Lekin chidamimiz yetarli. O‘zimga kelib, e’tibor bersam, bizdan tashqari boshqa kattalar ham o‘zlariga hech narsa buyurtirishmadi. “Suv-puv ichmaysizlarmi, charchab qoldingizlar?” – deb so‘rasak, “Biz ham bugun sizlar bilan ro‘za tutishga qaror qilganmiz” – deya bizni juda hayron qoldirishdi. Buni hazilga yo‘ydim va uyga borishgach, ovqatlanishsa kerak, deb o‘yladim. Yana yo‘l bo‘yi turli qiziqarli mavzularda suhbatlashib ketdik. Orada bolalar yana och qolishdi va pishiriqlar yeb ketishdi. Shuya oxirigacha yeyolmay, onasiga yeb qo‘yishini iltimos qilgandi. Onasi: “Rahmat, lekin men bugun ro‘za tutganman”, deganini eshitib, ular rostdan ham bizga hurmat yuzasidan ro‘za tutishayotganiga ishondik. Turmush o‘rtog‘im, singlim – uchalamiz ham ulardan buni kutmagandik. “Shart emas edi, o‘rganmagansizlar, yana issiq, haliyam suv ichib olingizlar!” – deyishimizga qaramay, qarorlari qat’iyligini, hammasi joyidaligini aytishdi. Do‘stlarimizning biz bilan hamrohlikda qilayotgan bu “jasoratlari” uchun qayta-qayta rahmat aytdik va ro‘zalari qabul bo‘lishini tiladik. Safarimiz tugab, manzilga yetgach, biz uyga qaytmoqchiligimizni aytdik. Lekin ular yana uylariga borib, biz bilan biroz suhbatlashmoqchi ekanliklarini bildirishdi. Ularning bizni deb suvsiz va och yurganliklaridan xijolatda edik. Uyiga borgach, hovlisidagi bog‘ida o‘tirdik. Friederike bog‘idagi yangi daraxtlarni ko‘rsatib, ekib qo‘ygan ziravor o‘simliklaridan uzib olib, bizga bir dastacha hadya qildi. Hartmut shu topda O‘zbekiston haqida yozilgan nemischa kitob bilan tanishtira ketdi. Bir tomonda esa Nilufar singlim o‘zi va Husniddin ukamiz ishtiroklarida tayvanlik muallif tomonidan yaqinda Tayvanda chop etilgan O‘zbekistonimiz haqidagi kitobni xitoylik do‘stlarimizga tanishtirayapti. Suhbatimizning adog‘i yo‘q edi.

Lekin hammaning charchaganini hisobga olib va boshqa dindagi do‘stlarimiz ham bizni deb “ro‘zador” bo‘lib qolishganidan xijolat bo‘lib, uyga qaytishimizni aytdik. Biz tezroq ketsak, ular ro‘zasini buzishadi va o‘zlari bemalol ovqatlanib o‘tirishadi, deb o‘ylagandik. Unday bo‘lib chiqmadi. Bugun uchun hech qanday ovqatlanish nazarda tutilmaganligini ta’kidlashib, charchagan bo‘lsak, bizni o‘zlari mashinada olib borib qo‘yishlarini aytishdi. Oradagi masofa ancha uzoqligiga va ro‘zadorliklariga qaramay, qaysarlik qilib, bizni eson-omon uyimizga keltirib qo‘yishdi. Xitoylik do‘stlarimiz ham biz bilan xushchaqchaq xayrlashib, uylariga jo‘nashdi. Hartmut va Friederike bilan yo‘l davomida yana ro‘zaning qoidalari, afzalliklari haqida suhbatlashib keldik. Aslida bu haqda ularga tushuntirishimizga hojat ham yo‘q edi. Chunki o‘zlari ma’lumotlarni topib, o‘qib, o‘rganib olishgan ekan.

Uyga kelgach, qanday dinda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, chin insoniy fazilatga ega bu do‘stlarimga bo‘lgan hurmatim yanada oshdi. Shuning uchun, Xudo xohlasa, hayit bayramining ilk kunini aynan shu xristian va buddist do‘stlarimiz bilan birga nishonlashni rejalashtirib qo‘ydik. :-) Olloh hamma ro‘zadorlarga sabr berib, tutayotgan ro‘zalarimizni qabul qilsin va o‘zi barchamizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsin!

Binafsha
 

Comments are closed.